Profi universiteti
Описание партнеров:
Profi universiteti haqida qisqacha
So‘nggi o‘n yilliklarda inson intellektining ahamiyati oshib, iqtisodiyot bilimga asoslangan sanoatlar ixtiyoriga o‘tmoqda. Yangi texnologiyalar va raqamli tarmoqda axborot oqimining tezlashishi va tahlil qilinishi, bilimning keng hajmda ishlab chiqarilishi, tezkor yoyilishi kuzatilmoqda. Jahonning aksar maktablari o‘quvchilarni sanoat davri uchun tayyorlashayotgan bir paytda, jamiyat allaqachon axborot texnologiyalari davrida yashamoqda.
Bu davrga mos kadrlarni yetishtirish ta’lim tizimini quyidan isloh qilishni talab qiladi. Vaqt, resurs hamda sa’y-harakat hisobga olinsa, yuqori malakali kadrni voyaga yetkazish har bir davlatga qimmatga tushmoqda. Aqliy mehnat sohalarida axborotni anglash va o‘zlashtirish juda muhimligi, bunday ko‘nikmalarni bolalikdanoq shakllantirish zarurati maktab ta’limini mamlakatning hayot-mamot masalasiga aylantirdi. O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi bugungi islohotlari natijasida yaqindagina xalq ta’limi tizimiga "Prezident maktabi", "Ijod maktabi", "Zamonaviy maktab" tushunchalari kirib kelmoqda, yangi maktablar qurilishi uchun tarixda kuzatilmagan miqdorda mablag‘lar ajratilmoqda. Albatta, zamonaviy ta’lim maskanlaridagi o‘quvchilarning taqdirini ta’lim mazmuni, o‘qituvchining pedagogik mahorati belgilab beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Kasblar soni chegaralangan, inson qobiliyatining bugun egallangan sarhadlari hali noma’lum bo‘lgan davrlarda, maktabning vazifasi odamlarni savodli qilishdan, ularga bilim berishdan iborat bo‘lgan. Bugun esa har birimiz hayot tarzimiz, ishlashimiz va o‘zaro munosabatimizni tubdan o‘zgartirgan texnologik inqilob jarayoniga guvoh bo‘lyapmiz. Bu jarayon ko‘lami, maqsadi va murakkabligiga ko‘ra, insoniyat shu vaqtgacha boshidan o‘tkazgan o‘zgarishlarga o‘xshamaydi. Natijada, bugungi o‘zgarishlarga moslashish, o‘zgarishlarni boshlab berish uchun savodli bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi.